23-modda. Urugʻliklarni sertifikatlashtirish
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklar sertifikatlashtirilishi lozim.
Ekish uchun foydalaniladigan urugʻliklarni sertifikatlashtirish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sertifikatlashtirish uchun talabnoma berish va uni koʻrib chiqish;
namunalarni birxillashtirish, ajratib olish va laboratoriyaga yetkazish;
laboratoriyada namunalar sinovini oʻtkazish;
olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish;
muvofiqlik sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasi milliy sertifikatlashtirish tizimining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish.
Urugʻliklarni sertifikatlashtirish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻrmon xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini sertifikatlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
