24-modda. Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri paxta chigitining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshkaning original va elita urugʻliklarini ishlab chiqaruvchilar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tomonidan yuritiladi.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestri urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi, yangilab turiladigan yozuvlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning yagona axborot bazasidir.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrida urugʻlik yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi quyidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
urugʻlik ishlab chiqaruvchining nomi, pochta manzili, telefon raqami;
urugʻlik yetishtiruvchi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻlari navlarining va duragaylarining nomi, shuningdek toifasi.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestridagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestriga kiritganlik uchun haq olinmaydi.
