13-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish haqidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasining idoralararo shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan kiritiladi.
Xalqaro shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni yoki ularning asosiy qoidalari;
ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos boʻlgan tushuntirish xati;
tegishli davlat organlarining xulosalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining va Tashqi ishlar vazirligining oʻzlari oʻtkazgan huquqiy ekspertiza natijalariga doir xulosalari.
