11-modda. Xalqaro shartnoma loyihasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnining huquqiy ekspertizasi
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Xalqaro shartnomaning loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnomaning matni ekspertlar darajasida ishlab chiqilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida majburiy huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
Huquqiy ekspertiza chogʻida xalqaro shartnoma loyihasining yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnining:
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi qonunchiligiga;
yuridik texnika talablariga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rasmiylashtirish amaliyotiga muvofiqligi tekshiriladi.
Huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagilar kiritiladi:
davlat tilidagi yoki zarur hollarda, boshqa tildagi xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni;
ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos boʻlgan tushuntirish xati;
manfaatdor davlat organlari bilan ekspertlar darajasida ishlab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertizasi natijalari qiyosiy jadval tarzida.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrib chiqilayotgan masala mavzusiga oid boshqa zarur materiallarni talab qilib olishga haqli.
