10-modda. Xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Ekspertlar darajasida ishlab chiqish xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan manfaatdor davlat organlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasini yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matnini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligi borasida huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.
Zarur hollarda, ekspertlar darajasida ishlab chiqish davomida xalqaro shartnoma loyihasini tuzish va koʻrib chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilish uchun manfaatdor davlat organlarining vakillari, mutaxassislar hamda mustaqil ekspertlardan iborat boʻlgan idoralararo ishchi guruh tuzilishi mumkin.
Agar xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatiga kirsa, barcha takliflarni umumlashtirish, xalqaro shartnoma loyihasini maromiga yetkazish va uning davlat tilidagi yoki zarur boʻlgan hollarda, boshqa tildagi matnini tayyorlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan davlat organining zimmasiga yuklatiladi.
Ekspertlar darajasida ishlab chiqish yakunlariga koʻra xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchisi boʻlishni maqsad qilgan koʻp tomonlama xalqaro shartnoma matni ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan tartibda huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza oʻtkazilganidan soʻng xalqaro shartnoma loyihasi yoki Oʻzbekiston Respublikasining koʻp tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masala ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
