8-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish
Bank siri toʻgʻrisida (530-II-son) · Sana: 30.08.2003 · Amalda
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mijozning (vakilning) oʻziga, u vakolat bergan vakillarga, shuningdek ushbu Qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxslarga taqdim etiladi.
Bank sirini tashkil etuvchi, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborot qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, agar bu maʼlumotlar uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlsa, olishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, agar bu maʼlumotlar mazkur tashkilotlar faoliyatida qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan nazorat qilish sohasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur boʻlsa, olishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ariza beruvchiga va u bilan birga yashovchi oila aʼzolariga (oʻz oilasiga ega boʻlmaganda ota-onasiga, shuningdek oʻz oilasiga ega boʻlganda eriga, xotiniga hamda oʻz oilasiga ega boʻlmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlariga) doir bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni, agar bu maʼlumotlar oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlsa, ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizaga asosan olishga hamda ularga ishlov berishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz mijozlari haqidagi bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqdim etadi.
Kredit axborotini belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etish bank sirining buzilishi deb hisoblanmaydi;
