7-modda. Bank sirining muhofaza qilinishi
Bank siri toʻgʻrisida (530-II-son) · Sana: 30.08.2003 · Amalda
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning muhofaza qilinishi bank tomonidan kafolatlanadi.
Bankning rahbarlari va boshqa xodimlari xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilishi, shuningdek mazkur maʼlumotlardan shaxsiy maqsadda yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yoʻlida foydalanishi, uchinchi shaxslarga bunday foydalanish imkoniyatini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan ana shunday maʼlumotlarni saqlash tartibini buzish oqibatida yaratib berishi taqiqlanadi.
Bankning rahbari yoki boshqa xodimi bankda ishlash davrida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uning bank bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham oshkor qilishga haqli emas.
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning tegishli ravishda saqlanishi uchun bank zarur tashkiliy va texnikaviy, shu jumladan axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Agar bank bilan mijoz (vakil) oʻrtasida nizo kelib chiqqan boʻlsa, bank oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga mijozning (vakilning) bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni zarur hollarda va doirada maʼlum qilishi mumkin.
