31-modda. Konsullikning Oʻzbekiston Respublikasi havo, dengiz va daryo kemalariga, shuningdek avtomobil va temir yoʻl transporti vositalarining harakatdagi tarkibiga taalluqli funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullikning mansabdor shaxsi konsullik muassasasi joylashgan davlatning aeroportlarida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasining komandiri, ekipaji va yoʻlovchilariga konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq huquqlar hamda immunitetlar berilishini kuzatib boradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasining komandiri, ekipaji va yoʻlovchilariga konsullik muassasasi joylashgan davlatning hokimiyat organlari bilan munosabatlarda yordam koʻrsatishi, shuningdek zarur boʻlgan taqdirda havo kemasi, uning ekipaji va yoʻlovchilarini Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish yoki parvozni davom ettirish choralarini koʻrishi kerak.
Konsullikning mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
havo kemasining aeroportga uchib kelishiga, undan uchib ketishiga va havo kemasining aeroportda turishiga koʻmaklashish;
havo kemasida yuz bergan hodisalarning holatlarini aniqlashtirish, havo kemasining komandiridan, ekipaji aʼzolaridan va yoʻlovchilaridan soʻrab-surishtirish;
havo kemasi, undagi yuk va reys toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
zarur boʻlgan taqdirda havo kemasi ekipaji aʼzolari va yoʻlovchilarining davolanishini hamda Oʻzbekiston Respublikasiga joʻnatib yuborilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, pochta va yuklarni Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlariga boradigan Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalarida joʻnatib yuborish;
havo kemalariga taalluqli boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida yoki qonunchiligida nazarda tutilgan deklaratsiyani yoxud boshqa hujjatni olish, tuzish, tasdiqlash.
Konsullik okrugi doirasida havo kemasi falokatga uchragan, qoʻnishga majbur boʻlgan yoki boshqa hodisa sodir boʻlgan taqdirda konsullikning mansabdor shaxsi havo kemasining komandiriga, ekipajiga va yoʻlovchilariga zarur yordam koʻrsatadi.
Konsullikning mansabdor shaxsi falokatga uchragan yoki qoʻnishga majbur boʻlgan havo kemasini, hodisa xususiyatidan dalolat beruvchi yuklar va ashyoviy dalillarni qoʻriqlash choralarini koʻradi hamda uchish vaqtida yuz bergan hodisani tekshirishda Oʻzbekiston Respublikasining mutaxassislariga yordam koʻrsatadi.
