32-modda. Konsullik okrugi hududida tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, qurolli mojarolar, ommaviy tartibsizliklar vujudga kelganda va terrorchilik harakatlari sodir etilganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash yuzasidan konsullikning funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullikning mansabdor shaxsi tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, qurolli mojarolar, ommaviy tartibsizliklar vujudga kelgan va terrorchilik harakatlari sodir etilgan zonalarda qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek bu zonalardagi vaziyatning rivoji haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini oʻz vaqtida xabardor qiladi.
Konsullikning mansabdor shaxsi tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, qurolli mojarolar, ommaviy tartibsizliklar vujudga kelganda yoki ularning vujudga kelish xavfi boʻlganda, shuningdek terrorchilik harakatlari sodir etilganda yoki ularning sodir etilish xavfi boʻlganda konsullik okrugi hududidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi, zarur boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yaqin xavfsiz zonaga evakuatsiya qilinishini tashkil etish yoki ularning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarilishini taʼminlash, shuningdek halok boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining tanalarini Oʻzbekiston Respublikasiga joʻnatish boʻyicha choralar koʻradi.
