37-modda. Kurort tabiiy hududlarning rejimi
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Kurort tabiiy hududlar uchta zonaga boʻlinadi.
Birinchi zonaga davolash xossalariga ega manbalar, shifobaxsh balchiq qatlamlari bor hududlar kiradi. Bunday zonada har qanday faoliyat taqiqlanadi, davolash xossalariga ega manbalar va balchiq bilan davolash shifoxonalarini obodonlashtirish uchun zarur inshootlar qurish bundan mustasno.
Ikkinchi zonaga sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylarining hududlari kiradi. Bu zonada davolash va dam olishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan faoliyatni istisno etganda har qanday faoliyat, shuningdek bu hududda vaqtincha istiqomat qiladigan tibbiyot xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari boshqa aholining yashashi taqiqlanadi.
Uchinchi zonaga sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylariga tutash hududlar kiradi. Bu zonada davolash manbalariga, shifobaxsh balchiq qatlamlariga zarar yetkazmaydigan va dam olish hamda davolanish sharoitlarini yomonlashtirmaydigan cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritishga ruxsat etiladi.
Kurort tabiiy hududlar doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
foydali qazilmalarni qazib olish, mineral suvlar va shifobaxsh balchiq qazib olish bundan mustasno;
kimyo, sellyuloza-qogʻoz va metallurgiya sanoati korxonalarining faoliyati;
daraxt va butalarni kesish (parvarishlash yoʻsinidagi va sanitariya maqsadidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalarni qoʻllanish;
harom oʻlgan chorva mollar koʻmiladigan joylarni tashkil etish;
zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlar omborlarini qurish;
chiqindilarni saqlash va koʻmish;
joyning gidrologik rejimini oʻzgartirish.
