32-modda. Buyurtma qoʻriqxonalarning rejimi
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Buyurtma qoʻriqxonalarning hududida, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarini istisno etganda, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday faoliyat doimiy ravishda yoki vaqtincha cheklanadi yoki tugatiladi.
Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi davlat buyurtma qoʻriqxonalari joylashgan hududlar yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, shuningdek yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining xoʻjalik maqsadidagi foydalanishidan olib qoʻyilmaydi. Mazkur buyurtma qoʻriqxonalar qaysi yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalarida va (yoki) akvatoriya uchastkalarida tashkil etilgan boʻlsa, shu yuridik va jismoniy shaxslar buyurtma qoʻriqxonalarning belgilangan rejimiga rioya etishlari shart.
Har bir buyurtma qoʻriqxona rejimining xususiyatlari, mazkur buyurtma qoʻriqxona qaysi davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlsa, shu davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
