25-modda. Tabiat bogʻlarining rejimi
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Tabiat bogʻlari hududida zonalarga boʻlinishga muvofiq tabaqalashtirilgan rejim oʻrnatiladi.
Tabiat bogʻlarining qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalarida davlat qoʻriqxonalari uchun nazarda tutilgan rejim oʻrnatiladi.
Tabiat bogʻlarining rekreatsiya zonalari tabiiy obyektlar va majmualarning holatiga qarab turli rejimli uchastkalarga boʻlinishi mumkin.
Tabiat bogʻlarining xoʻjalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonalarida aholining istiqomat qilishiga, yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazmaydigan faoliyatiga yoʻl qoʻyiladi.
Har bir zonaning rejimi tabiat bogʻlari toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilanadi.
Tabiat bogʻlarining hududida quyidagilar taqiqlanadi:
daraxt va butalarni kesish (parvarishlash yoʻsinidagi va sanitariya maqsadidagi kesish bundan mustasno);
gidrologik va gidrogeologik rejimni oʻzgartiradigan harakatlar;
tuproq eroziyasini, oʻsimlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlar;
tabiat bogʻlarining faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya ishlarini amalga oshirish;
chiqindilarni saqlash va koʻmish, oqova suvlarni oqizish;
tirik organizmlarning yangi va kenja turlarini iqlimlashtirish maqsadida joylashtirish.
Tabiat bogʻlarida tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan faoliyatning boshqa turlari ham cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.
Tabiat bogʻlarining faoliyat koʻrsatishi uchun yoʻllar, boshqa kommunikatsiyalar va inshootlar qurilishi zarur boʻlgan hollarda buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, barcha tabiatni muhofaza qilish yoʻnalishidagi tadbirlarni amalga oshirish albatta nazarda tutiladi.
