26-modda. Davlat tabiat yodgorliklarining turlari
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Noyob, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan, ekologik, ilmiy, madaniy va estetik jihatdan qimmatli tabiiy obyektlari bor muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat tabiat yodgorliklari hisoblanadi. Davlat tabiat yodgorliklari quyidagi turlarga boʻlinadi:
tabiiy suv obyektlarini saqlab qolish uchun moʻljallangan gidrologik (botqoq, koʻl, daryo va boshqa) yodgorliklar;
ayrim oʻsimliklarni saqlab qolish uchun moʻljallangan botanik yodgorliklar;
tabiat yaratgan relyef shakllarini saqlab qolish uchun moʻljallangan geomorfologik yodgorliklar;
qazilma obyektlarni saqlab qolish uchun moʻljallangan paleontologik yodgorliklar;
geologik va mineralogik hosilalarni saqlab qolish uchun moʻljallangan geologik va mineralogik yodgorliklar.
