4-modda. Qonunchilik palatasi Spikerini va uning oʻrinbosarlarini saylash
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasi Spikerini saylashdan boshlanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerini va uning oʻrinbosarlarini saylash uchun deputatlar orasidan Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etgan har bir siyosiy partiyadan kamida uch nafar deputatdan iborat Siyosiy partiyalar vakillari kengashi tuziladi. Siyosiy partiyalar vakillari kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Siyosiy partiyalar vakillari kengashi oʻz majlisida Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni deputatlar orasidan koʻrsatish masalasini koʻrib chiqadi. Siyosiy partiyalar vakillari kengashi majlisida Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyaning vakili raislik qiladi.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻp ovozini olgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlarining soni, qoida tariqasida, ikki nafardan oshmasligi kerak.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga saylanadi.
Siyosiy partiyalar vakillari kengashi taqdim etgan nomzod Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimiga saylanmagan taqdirda, Siyosiy partiyalar vakillari kengashi deputatlar orasidan boshqa nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylanganligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinadi, qarorlarni palata majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
