3-modda. Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida, qoida tariqasida, haftasiga uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
Qonunchilik palatasining majlislari, agar ularning ishida palata deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda, ularga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlishi shart.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Mazkur majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Qonunchilik palatasi Spikeri saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisi ishini tashkil etish uchun majlisning muvaqqat kotibiyati sanoq komissiyasi va ovozlarni hisoblashning elektron tizimidan foydalanish ustidan muvaqqat nazorat guruhi saylanadi.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisida uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladi, shu jumladan, qoida tariqasida:
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylanadi;
siyosiy partiyalar fraksiyalari (bundan buyon matnda fraksiyalar deb yuritiladi) roʻyxatga olinadi;
Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tuziladi.
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari ochiq, oshkora oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi. Qonunchilik palatasining qaroriga binoan yopiq majlislar oʻtkazilishi ham mumkin.
Qonunchilik palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi), qoida tariqasida, alohida-alohida majlis oʻtkazadi.
Qonunda belgilangan hollarda palatalarning qoʻshma majlislari oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Qonunchilik palatasi Spikerining, Senat Raisining taklifiga yoki tegishincha Qonunchilik palatasi deputatlari yoxud senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
