151-modda. Senat tomonidan rad etilgan qonunni Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasi tomonidan bir oylik muddatda qayta koʻrib chiqilishi lozim.
Masʼul qoʻmita Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan xulosa beradi.
Masʼul qoʻmitaning xulosasi olinganidan keyin qonunni Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish masalasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritiladi.
Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun belgilangan tartibda kelishuv komissiyasini tuzish;
qonunni Qonunchilik palatasi tomonidan avvalgi qabul qilingan tahririda qabul qilish;
qonunni Qonunchilik palatasining qayta koʻrib chiqishidan olib tashlash.
Agar Qonunchilik palatasi Senat tomonidan rad etilgan qonunni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan yana maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
