15-modda. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi qonun loyihasini, qoida tariqasida, uch oʻqishda koʻrib chiqadi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida uni qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar hamda moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi masala muhokama qilinadi. Birinchi oʻqishdagi qonun loyihasi yuzasidan maʼruza bilan, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili, keyingi oʻqishlarda esa masʼul qoʻmita vakili soʻzga chiqadi.
Masʼul qoʻmita birinchi hamda keyingi oʻqishlarda fraksiyalarning fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazishi shart.
Fraksiyalarning qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflari majburiy tarzda hamda har tomonlama muhokama qilinishi lozim.
Qonunchilik palatasi muhokama natijalari boʻyicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda koʻrib chiqish uchun palataga kiritish muddatini majburiy tartibda belgilagan holda uni birinchi oʻqishda qabul qilish haqida yoxud qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonunchilik palatasi muhokamasiga qonun loyihalarining muqobil tahrirlari kiritilgan taqdirda ular bir vaqtda koʻrib chiqilishi kerak. Qonunchilik palatasi deputatlarining qaror qabul qilish uchun talab qilinadigan eng koʻp miqdordagi ovozini toʻplagan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan hisoblanadi.
Birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasining matni, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi, zarur boʻlgan hollarda esa, Qonunchilik palatasining qaroriga koʻra ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Bunda eng muhim ijtimoiy, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasining uni birinchi oʻqishda qabul qilish haqidagi qaroriga muvofiq qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida keng muhokamaga, shu jumladan joylarda fuqarolar ishtirokidagi keng muhokamaga chiqarilishi mumkin.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash chogʻida qonun loyihasining moddama-modda muhokamasini oʻtkazadi, kelib tushgan fikrlar va takliflarni umumlashtiradi. Qonun loyihasining maromiga yetkazilgan matni fraksiyalarga, shuningdek qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga ularning ushbu qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflarini olish uchun yuboriladi.
