14-modda. Qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish va uni Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda koʻrib chiqishga tayyorlash masʼul qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
Fraksiyalar qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish yakunlariga koʻra masʼul qoʻmitaga oʻz fikrlari va takliflarini taqdim etadi.
Masʼul qoʻmita fraksiyalar, manfaatdor tashkilotlar hamda ekspertlar guruhlarining fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda qonun loyihasining dastlabki tarzdagi muhokamasini oʻtkazadi va qonun loyihasi olingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida unga:
Qonunchilik palatasi Kengashining qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini;
masʼul qoʻmitaning mazkur qonun loyihasini qabul qilish yoki rad etish zarurligi asoslangan xulosasini;
fraksiyalarning qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflarini ilova qilgan holda, Qonunchilik palatasi Kengashi koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida muhokama qilish ochiq oʻtkaziladi. Muhokamalarga qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining va ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari, shuningdek olimlar, mutaxassislar ham taklif etilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining qoʻmitalaridagi qonun loyihasi muhokamalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili ishtirok etishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Kengashi masʼul qoʻmita taqdim etgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
