13-modda. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi Spikeri masʼul qoʻmitani belgilaydi, qonun loyihasi hamda unga ilova qilingan materiallarni masʼul qoʻmitaga va, bir vaqtning oʻzida, fraksiyalarga topshiradi, shuningdek fraksiyalar tomonidan fikrlar va takliflarni hamda masʼul qoʻmita tomonidan xulosani taqdim etish muddatini belgilaydi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish uchun qonun loyihasi ustida ishlash fraksiyalar va masʼul qoʻmita tomonidan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi. Bunda fraksiyalarning qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflarisiz masʼul qoʻmita ushbu qonun loyihasi yuzasidan oʻz xulosasini chiqarish huquqiga ega emas.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasi boʻyicha barcha fraksiyalardan fikrlar va takliflarni toʻplab, Qonunchilik palatasi Kengashiga qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Kengashi masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida, fraksiyalarning fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish toʻgʻrisida yoki qonun loyihasi ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda yoxud u qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilmagan masalalar boʻyicha kiritilganda uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish haqida qaror qabul qiladi.
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangidan kiritilishi mumkin.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilinayotganda uning Kengashi qonun loyihasini palata majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash muddatini belgilashi shart.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qonun loyihasi unga ilova qilingan materiallar bilan Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga yuboriladi.
