12-modda. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan kiritiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda quyidagilar taqdim etilishi kerak:
1) qonun loyihasiga uning konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati, ushbu konsepsiyada huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy gʻoyasi, maqsadi va predmeti; tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning mazkur sohada amalda boʻlgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holdagi umumiy tavsifi va holatiga berilgan baho; qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati asoslari; qonun loyihasining asosiy qoidalari; boʻlgʻusi qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi belgilab berilgan boʻlishi kerak;
2) oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi, shuningdek qonun loyihasi kiritilishi bilan bogʻliq qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi;
3) oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonunosti hujjatlarining roʻyxati;
31) xalqaro hujjatlarning va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida tegishli xalqaro tajriba qoʻllanilishining maqbulligi toʻgʻrisidagi asosli takliflar ketma-ket tartibda koʻrsatilgan tahliliy qiyosiy jadval;
4) moddiy xarajatlarni talab qiladigan qonun loyihalari uchun moliyaviy-iqtisodiy asoslar;
5) davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini koʻpaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti moddalari boʻyicha oʻzgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlarning loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi.
6) xalqaro shartnoma loyihasining (matnining) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan oʻtkazilgan huquqiy ekspertizasi natijalari boʻyicha ushbu vazirlikning xulosasi — xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishni yoki ularga qoʻshilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari uchun;
7) xalqaro shartnoma loyihasining (matnining) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligi nuqtai nazaridan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan huquqiy ekspertizasi natijalari boʻyicha ushbu vazirlikning xulosasi — xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishni yoki ularga qoʻshilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari uchun;
