16-modda. Kelishuv komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Qonunchilik palatasida kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus Qonunchilik palatasi Spikeridan, shuningdek fraksiyalardan chiqishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan koʻrsatilgan tarkibi uning majlisida tasdiqlanadi. Bunda kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan koʻrsatilgan tarkibiga oʻzini muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiyalarning vakillari kiritilishi shart.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan saylangan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiyaning hamraislarini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Qaror, agar komissiyaning har bir palatadan saylangan aʼzolarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Kelishuv komissiyasi oʻz ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Xulosaga qonunga doir oʻzgartishlar va qoʻshimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Xulosa Qonunchilik palatasi va Senatdan saylangan kelishuv komissiyasining hamraislari tomonidan imzolanib, tegishincha Qonunchilik palatasi va Senatga topshiriladi.
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi kerak. Qonunni qayta koʻrib chiqishda kelishuv komissiyasining bayonnomasida mavjud boʻlgan takliflargina muhokama qilinadi.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun palata tomonidan maʼqullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi qonunni kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilsa, u maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
