21-modda. Bojxona organlari xodimlarining attestatsiyasi
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlari xodimlarining attestatsiyasi (bundan buyon matnda attestatsiya deb yuritiladi) ularning bilim darajasini va kasbga yaroqliligini, egallab turgan lavozimiga munosibligini xolisona baholash, shuningdek xizmat intizomini mustahkamlash hamda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotganda masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik vaziyatida oʻtishi lozim.
Bojxona organlarining xodimlari xizmat davrida navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtadi.
Navbatdagi attestatsiyani oʻtkazish davri lavozimga tayinlangan va oxirgi attestatsiyadan oʻtkazilgan kunidan eʼtiboran hisoblanadi.
Navbatdagi attestatsiya uch yilda bir marta oʻtkaziladi.
Bojxona organlarining quyidagi xodimlari navbatdagi attestatsiyadan oʻtmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganlar;
egallab turgan lavozimida bir yildan kam xizmat qilganlar. Mazkur toifadagi xodimlar bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;
xizmat safarida, davolanishda (ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan holda) boʻlganlar va malaka oshirishdan oʻtayotganlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarishga qaytganidan keyin attestatsiyadan oʻtadi;
kadrlar zaxirasiga kiritilganlar. Mazkur toifadagi xodimlar kadrlar zaxirasidan chiqarilib, bojxona organlaridagi lavozimga tayinlangan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach umumiy tartibda attestatsiyadan oʻtadi;
homiladorlik, tugʻish va bolani parvarishlash taʼtilida boʻlganlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarishga qaytgan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;
bojxona organlari ixtiyoriga olingan xodimlar. Mazkur toifadagi xodimlar lavozimga tayinlanganidan keyin bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;
oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat tekshiruvi tugaganidan keyin attestatsiyadan umumiy tartibda oʻtadi.
Navbatdan tashqari attestatsiyadan bojxona organlarining ishda past koʻrsatkichlarga ega boʻlgan, xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzgan yoki muntazam buzib kelayotgan, bojxona organi xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi nojoʻya harakatlar sodir etgan xodimlar oʻtadi.
