22-modda. Bojxona organlarining xodimlariga taʼtillar berish
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlarining xodimlariga taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur boʻlgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qoʻshilgan, lavozimi va pul taʼminoti saqlangan holda har yili davomiyligi oʻttiz kalendar kun boʻlgan asosiy taʼtil beriladi.
Davlat bayramlari kunlari yillik navbatdagi taʼtilning davomiyligini aniqlashda hisobga olinmaydi.
Bojxona organlari xodimining yillik asosiy taʼtiliga kalendar hisobdagi xizmat yillari uchun:
oʻn yillik xizmatidan soʻng — davomiyligi besh kun;
oʻn besh yillik xizmatidan soʻng — davomiyligi oʻn kun;
yigirma yillik xizmatidan soʻng — davomiyligi oʻn besh kun boʻlgan, haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
Bojxona organlarining xodimlariga xizmatining birinchi yilida har yilgi navbatdagi taʼtil kamida olti oy ishlaganidan keyin beriladi.
Har yilgi navbatdagi taʼtil davrida bojxona organi xodimi ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirgan holda davolanishdan oʻtgan hollarda taʼtil davolanish muddatiga uzaytiriladi.
Taʼtildan chaqirib olishga faqat xizmat yuzasidan oʻta zarur hollardagina bojxona organi xodimining roziligi va ushbu xodim boshligʻining yozma qarori bilan yoʻl qoʻyiladi. Taʼtildan chaqirib olingan taqdirda uning foydalanilmagan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.
Agar bojxona organi xodimiga har yilgi navbatdagi taʼtil kalendar yil davomida berilmagan boʻlsa, taʼtil uchun moddiy yordam joriy moliya yilining oxirida toʻlanadi.
Bojxona organi xodimiga yiliga bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi hududida har yilgi navbatdagi taʼtilni oʻtkazadigan joyiga, shuningdek sanatoriy-kurortda davolanish joyiga borishi va qaytishi bilan bogʻliq yoʻl xarajatlarining oʻrni qoplanadi.
Bojxona organlari xodimlariga kasalligi boʻyicha taʼtillar ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida beriladi. Ushbu taʼtilning davomiyligi kasallikning xususiyatiga koʻra belgilanadi.
Kasallik boʻyicha taʼtilda uzluksiz boʻlishning umumiy hisoblanadigan muddati toʻrt oydan oshmasligi lozim. Bunda ayrim kasalliklar boʻyicha davolanishda boʻlish uchun ancha uzoqroq muddat talab qilingan hollarda, bu muddat ichki ishlar organlari tibbiyot muassasasining xulosasi asosida uzaytirilishi mumkin.
