20-modda. Bojxona organi xodimining boshqa organlar va tashkilotlarga saylanishidagi (tayinlanishidagi, yuborilishidagi) kafolatlar
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishi asosida, shuningdek uning roziligiga koʻra yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yoxud yuqori turuvchi organlarning buyrugʻi boʻyicha boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga, xalqaro tashkilotlarga tayinlangan (yuborilgan) bojxona organi xodimi oʻz majburiyatlarini bajarish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi kadrlarining amaldagi zaxirasiga (bundan buyon matnda kadrlar zaxirasi deb yuritiladi), agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bojxona organlaridagi pul taʼminoti saqlanmagan holda kiritiladi.
Bojxona organining xodimi saylangan (tayinlangan, yuborilgan) davlat organi yoki uning tasarrufidagi tashkilot mazkur xodimga u saylanguniga (tayinlanguniga, yuborilguniga) qadar egallab turgan oxirgi lavozimidagidan kam boʻlmagan miqdorlardagi pul taʼminoti toʻlanishini taʼminlaydi, shuningdek xizmat yillari uchun ustama va maxsus unvon boʻyicha maosh toʻlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatning oliy taʼlim muassasalariga va tashkilotlariga magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishga yuborilgan bojxona organi xodimi oʻqish davrida, oxirgi egallagan lavozimidagidan kam boʻlmagan miqdorlardagi pul taʼminoti saqlangan holda bojxona organlarining ixtiyorida qoldiriladi.
Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida sanab oʻtilgan bojxona organlari xodimlariga maxsus unvonlar oxirgi egallagan lavozimidan qatʼi nazar beriladi. Majburiyatlarni bajarish (oʻqish) davri bojxona organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni olish huquqini beradigan xizmat yillariga ustama toʻlash, pul taʼminoti (lavozim maoshi va maxsus unvon boʻyicha maoshi summasidan iborat boʻlgan) maoshini belgilash va pensiya tayinlash uchun bojxona organlaridagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan bojxona organlari xodimlari xizmatdan boʻshatilganda, shuningdek ularning oila aʼzolari bojxona organlaridan boʻshatilgan xodimlar bilan teng huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.
