17-modda. Bojxona organlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi maqomiga koʻra vazirga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari esa tegishincha vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bojxona institutining boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishuvga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Ushbu moddaning birinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilmagan bojxona organlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida bojxona organi xodimi egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi va ikki oygacha muddatga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining ruxsati bilan — ikki oydan ortiq muddatga bojxona organlari ixtiyoriga olinadi.
Bojxona organlari ixtiyoridagi bojxona organi xodimiga dastlabki ikki oy davomida oxirgi egallagan lavozimi boʻyicha pul taʼminoti, uchinchi oydan boshlab maxsus unvoni boʻyicha maoshi va xizmat yillari uchun ustama saqlanib qoladi. Toʻrt oy oʻtganidan keyin toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona organi xodimi bojxona organlari ixtiyorida boʻlgan muddatga uning kasal boʻlgan (mehnatga layoqatsizlik varaqasi mavjud boʻlganida) va yillik navbatdagi taʼtilda boʻlgan (bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish bundan mustasno) davr qoʻshib hisoblanmaydi. Ushbu taʼtillar davrida pul taʼminotini toʻlash faqat dastlabki ikki oy davomida amalga oshiriladi.
