16-modda. Bojxona organlari xodimlariga maxsus unvonlar berish, bu unvonlarni pasaytirish va ulardan mahrum qilish
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlari xodimlariga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
serjantlar tarkibi — bojxona xizmati kichik serjanti, bojxona xizmati serjanti, bojxona xizmati katta serjanti;
ofitserlar tarkibi:
kichik ofitserlar tarkibi — bojxona xizmati leytenanti, bojxona xizmati katta leytenanti, bojxona xizmati kapitani;
katta ofitserlar tarkibi — bojxona xizmati mayori, bojxona xizmati podpolkovnigi, bojxona xizmati polkovnigi;
generallar tarkibi — bojxona xizmati general-mayori, bojxona xizmati general-leytenanti, bojxona xizmati general-polkovnigi.
Bojxona organlarining serjantlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan shaxslarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “bojxona xizmati kichik serjanti” maxsus unvoni beriladi.
Bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan shaxslarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “bojxona xizmati katta serjanti” maxsus unvoni beriladi, ular bu unvonda dastlabki sinov muddati tugab, birinchi ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat qiladi.
Bojxona organlarida lavozimlar (ofitser va serjantlar egallashi lozim boʻlgan shtat lavozimlari) va ularga muvofiq maxsus unvonlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan bojxona organlarining shtatlarida nazarda tutiladi.
Bojxona organi xodimining dastlabki sinov muddati uch oyni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitserlar boʻlgan va bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan shaxslarga mavjud harbiy unvoniga teng maxsus unvon beriladi.
Bojxona organlarining katta ofitserlar tarkibigacha boʻlgan maxsus unvonlar, shu jumladan katta ofitserlik unvonlari ham Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan beriladi.
Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoki faoliyatning tor ixtisoslik turlari boʻyicha koʻp yillik stajga va ish (xizmat) tajribasiga ega boʻlgan fuqarolarni bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash chogʻida ularga birinchi unvon sifatida “bojxona xizmati mayori” maxsus unvonigacha boʻlgan unvon, shu jumladan “bojxona xizmati mayori” maxsus unvoni ham berilishi mumkin.
