12-modda. Xususiy bandlik agentliklarining ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash boʻyicha xizmatlari
Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida (O‘RQ-501-son) · Sana: 16.10.2018 · Amalda
Ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash boʻyicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida koʻrsatiladi.
Ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash boʻyicha xizmatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ish beruvchilarda mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi axborotni tarqatish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tarqatish;
ishga joylashtirish uchun maqbul nomzodlarni izlashni amalga oshirish;
ishga joylashtirish uchun nomzodlar bilan muzokaralar oʻtkazish;
ish beruvchilar va boʻsh ish oʻrinlarini egallashga nomzodlar oʻrtasidagi muzokaralarda (suhbatlarda) ishtirok etish;
ish beruvchilar va ish qidirayotgan shaxslar oʻrtasidagi mehnat shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.
