19-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklar karantini sohasidagi majburiyatlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar:
oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmati nazorati ostida tekshirishga (koʻzdan kechirishga) va oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashishga doir ishlarni, shuningdek ushbu karantin obyektlari tarqalishining oldini olishga doir tadbirlarni amalga oshirishi;
belgilangan tartibda karantin ruxsatnomasi va (yoki) ichki fitosanitariya sertifikati olinmagan karantin ostidagi mahsulotni qabul qilmasligi;
xorijiy mamlakatlardan va Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilingan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishda oʻsimliklar karantini qoidalariga rioya qilishi;
tegishli yuklar saqlanadigan omborxonalarda har yili kamida bir marta profilaktik fumigatsiya ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirishi shart.
Karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari, dorivor oʻsimliklar, daraxt va butalar yetishtirish, oʻsimliklarning yangi navlari seleksiyasi bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimliklar karantini obyektlarini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida ekinlar va daraxtlarni tizimli ravishda kuzatib borishni amalga oshirishi, ular aniqlangan taqdirda esa bu haqda mahalliy davlat hokimiyati organlarini, oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatini darhol xabardor qilishi, shuningdek aniqlangan oʻsimliklar karantini obyektlarini bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
