20-modda. Oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlar
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlarning maqsadi oʻsimliklar karantini obyektlarining xorijiy mamlakatlardan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini obyektlari tarqalgan hududidan Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini obyektlaridan xoli boʻlgan hududlariga kirib kelishi natijasida zarar yetkazilishi xavfining oldini olish, uni cheklash va bartaraf etishdan iborat.
Oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlar:
tabiiy sharoitlardagi mavjud oʻsimlik dunyosiga, qishloq xoʻjaligiga, oʻrmonlarga, dorivor, manzarali oʻsimliklarga, shu jumladan ularning urugʻlari, koʻchatlari va qismlariga (qalamchasi, piyozi, tugunagi, mevasiga va boshqalarga), shuningdek oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchi boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa oʻsimlik mahsulotiga;
tirik zamburugʻlarga, bakteriyalar, viruslar, nematodalar, kanalar, hasharotlarga;
hasharotlarning, oʻsimliklar kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilarning kolleksiyalariga va ular yetkazadigan zararlarning namunalariga, shuningdek gerbariylarga va urugʻlarning kolleksiyalariga;
xorijiy mamlakatlardan va Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilingan hududlaridan kirib kelayotgan oʻsimliklarga, qishloq xoʻjaligi mashinalariga, yerga ishlov berish qurollariga, idishlarning barcha turlariga, ayrim sanoat tovarlariga, qadoqlash vositalariga, shuningdek oʻsimlik materiallaridan tayyorlangan buyumlarga, yaxlit toshlarga, tuproq namunalariga, transport vositalariga hamda boshqa oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchilarga;
oʻsimlik mahsulotini yetishtiradigan, tayyorlaydigan, gʻamlaydigan, qayta ishlaydigan hamda realizatsiya qiladigan korxonalar va tashkilotlarning hududlari va binolariga, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga va oʻrmon fondi yerlariga, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga, shuningdek qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanilmaydigan yerlarga (yoʻllarga, elektr oʻtkazgichlar atrofidagi yerlarga va boshqalarga) hamda davlatning chegaraoldi hududlariga nisbatan tatbiq etiladi.
