17-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining majburiyatlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari:
oʻsimliklar karantini obyektlarining oʻsimliklar karantini obyektlaridan xoli boʻlgan hududga kirib kelishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrishi;
oʻsimliklar karantini obyektlariga tashxis qoʻyish maqsadida laboratoriya tekshiruvlari va boshqa tekshiruvlar oʻtkazilishini tashkil etishi;
tegishli organlar va tashkilotlarni chegaraoldi hududlarda, qoʻshni davlatlarda yuzaga kelgan karantin holati toʻgʻrisida xabardor qilishi, oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlarni amalga oshirishi hamda zarur tavsiyalar berishi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga zarur fitosanitariya talablarini bajarish toʻgʻrisida taqdimnomalar yuborishi;
oʻsimliklar karantini obyektlaridan xoli zonalar va oʻsimliklar karantini obyektlari soni kam boʻlgan zonalar ustidan nazoratni amalga oshirishi;
oʻsimliklar karantini qoidalariga nomuvofiqlik va fitosanitariya talablari buzilganligi faktlari aniqlanganda temir yoʻl vagonlaridan, kemalardan, samolyotlardan va boshqa transport vositalaridan foydalanishga doir taqiq oʻrnatishi shart.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
