16-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining huquqlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga moneliksiz kirishga;
oʻsimliklar karantini qoidalari va fitosanitariya talablarining buzilishlarini bartaraf etish hamda ularning oldini olish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishga;
laboratoriya tekshiruvlari va tegishli ekspertiza oʻtkazish uchun karantin ostidagi mahsulotdan namunalar olishga;
oʻsimliklar karantini obyektlari aniqlanganda oʻsimliklar karantini qoidalariga muvofiq karantin cheklovlari oʻrnatishga, olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotni ushlab turishga, olib qoʻyishga yoki qaytarib yuborishga;
kirib kelayotgan va joʻnatilayotgan, ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq oʻsimliklar karantiniga doir tadbirlar tatbiq etiladigan yuklar toʻgʻrisida bojxona organlaridan, temir yoʻl stansiyalarining, avtovokzallarning (avtostansiyalarning), aeroportlarning, daryo portlarining (pristanlarining), pochtamtlarning, dehqon bozorlarining va boshqa tashkilotlarning maʼmuriyatlaridan maʼlumotlar talab qilishga;
zarur boʻlgan taqdirda karantin ostidagi mahsulotni koʻzdan kechirish va zararsizlantirish ishlarini amalga oshirish uchun yordamchi ishchilar, xizmat xonalari va yordamchi materiallar berilishini yuklarning egalaridan talab qilishga.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
