11-modda. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining vakolatlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi:
oʻsimliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻsimliklar karantini boʻyicha dasturlar va tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, bu dasturlar va tadbirlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz vaqtida bajarilishi uchun javobgar boʻladi;
oʻz vakolatlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart boʻlgan buyruqlar chiqaradi, yoʻriqnomalarni, oʻsimliklar karantini qoidalarini va fitosanitariya talablarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi hamda tashkilotlar va aholi eʼtiboriga yetkazadi;
karantin ostidagi mahsulotni olib kirish chogʻidagi oʻsimliklar karantini qoidalarini belgilaydi, xalqaro savdo kontraktlariga (shartnomalariga) Oʻzbekiston Respublikasining hududiga oʻsimliklar karantini obyektlari kirib kelishining va tarqalishining oldini olishni taʼminlaydigan talablar kiritilishini koʻrib chiqadi, shuningdek xulosalar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari, karantin ostidagi mahsulotlar va ularning tarqalish hududlari roʻyxatini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi taqiqlangan karantin ostidagi mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
fitosanitariya talablarini tasdiqlaydi;
oʻsimliklar karantini boʻyicha tashqi iqtisodiy faoliyat chegara punktlari, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlatlararo chegara punktlari, respublika ichki avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi oʻsimliklar karantini chegara punktlari va pochtamtdagi oʻsimliklar karantini punkti, shuningdek zararsizlantirish (fumigatsiya) boʻlimlari, chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmatlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya beradi;
