12-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining, viloyatlar hamda Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalarining vakolatlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari:
karantin ostidagi mahsulotni saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish, qabul qilish punktlari joylashgan yerlarni va ularga tutash hududlarni, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni, oʻrmon fondining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarini oʻsimliklar karantini obyektlarini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida nazorat tekshiruvlaridan oʻtkazishni tashkil etadi;
aniqlangan zararlanish oʻchoqlarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf etish, shuningdek oʻsimliklar karantini obyektlarini olib kirish yoʻllarini aniqlash hamda toʻsish boʻyicha shoshilinch choralar koʻradi;
fitosanitariya sertifikatini, ichki fitosanitariya sertifikatini, reeksport uchun fitosanitariya sertifikatini, transport birliklarini ochish toʻgʻrisidagi dalolatnomani va karantin koʻrigi dalolatnomasini beradi;
Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy mamlakatlardan keladigan karantin ostidagi mahsulotni sogʻlomlashtirish va zararsizlantirish, shuningdek transport vositalarini zararsizlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tegishli hududni oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilish (karantinni bekor qilish), zarur karantin cheklovlarini qoʻllash toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdimnomalar yuboradi.
tumanlar va shaharlar miqyosida oʻsimliklar karantini obyektini bartaraf etish va uning oʻchogʻi kengayishiga yoʻl qoʻymaslik dasturlarini ishlab chiqadi, shuningdek ularni tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga kiritadi;
eksport uchun yuklanayotgan karantin ostidagi mahsulotning qayta zararlanishining oldini olishga va uning rasmiylashtirilgan fitosanitariya sertifikatiga muvofiq boʻlishini taʼminlashga doir chora-tadbirlar amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
