10-modda. Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlik qilish
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlikni Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlikni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalarining boshliqlari Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi. Tuman va shaharlarning oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.
Oʻsimliklar karantini boʻyicha tashqi iqtisodiy faoliyat chegara punktlaridagi, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlatlararo chegara punktlaridagi, respublika ichki avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portidagi oʻsimliklar karantini chegara punktlaridagi va pochtamtdagi oʻsimliklar karantini punktidagi oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmatiga oʻsimliklar karantini boʻyicha tegishli chegara punktlarining Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod qilinadigan mudirlari boshchilik qiladi.
