15-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida hududiy dasturlarni tasdiqlaydi, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlarining taqdimnomasiga binoan pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish normalarini tasdiqlaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari bilan kelishilgan holda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat oʻrmon fondi uchastkalarini beradi, bundan oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari, yerlari, oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvuldiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlar, davlat qoʻriqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, umumdavlat ahamiyatiga molik buyurtma qoʻriqxonalarning, umumdavlat ahamiyatiga molik kurort tabiiy hududlarining, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlari mustasno;
oʻrmonlarning davlat hisobi va davlat oʻrmon kadastri yuritilishini taʼminlaydi;
davlat nazoratini amalga oshiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
