14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan foydalanish sohasida:
davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, oʻz vakolatlari doirasida qoidalar, normalar va normativlarni tasdiqlaydi;
davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi;
oʻrmon fondidan barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini tanlash materiallarining, oʻrmon tuzish loyihalarining, davlat oʻrmon fondining tabiiy resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq loyihaoldi, loyiha hujjatlarining davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazadi;
davlat oʻrmon fondi uchastkalaridagi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
