10-modda. Jamoatchilik eshituvi
Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-474-son) · Sana: 12.04.2018 · Amalda
Davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga taalluqli va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan yoxud fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yigʻilish jamoatchilik eshituvidir.
Jamoatchilik eshituvini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari oʻtkazishi mumkin.
Jamoatchilik eshituvi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan yoki daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik eshituvi ommaviy va ochiq oʻtkaziladi. Jamoatchilik eshituvining ishtirokchilari jamoatchilik eshituviga kiritilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli.
Jamoatchilik eshituvining tashkilotchisi jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalar, eshituvni oʻtkazish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oldindan eʼlon qiladi. Bunda tashkilotchi oʻz ixtiyoridagi, jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalarga taalluqli boʻlgan materiallardan jamoatchilik eshituvining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini taʼminlaydi.
