9-modda. Jamoatchilik muhokamasi
Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida (O‘RQ-474-son) · Sana: 12.04.2018 · Amalda
Ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar, davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalarini ommaviy muhokama qilish jamoatchilik muhokamasidir.
Jamoatchilik muhokamasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari oʻtkazishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan yoki daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi ommaviy va ochiq oʻtkaziladi. Jamoatchilik muhokamasining ishtirokchilari jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli. Jamoatchilik muhokamasi ommaviy axborot vositalari orqali va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasining tashkilotchisi jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalar, muhokamani oʻtkazish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oldindan eʼlon qiladi. Bunda tashkilotchi oʻz ixtiyoridagi, jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalarga taalluqli boʻlgan materiallardan jamoatchilik muhokamasining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini taʼminlaydi.
