13-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlash tartibi
“Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-473-son) · Sana: 11.04.2018 · Amalda
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining ayni bir ordeni, medali va Faxriy yorligʻi bilan takroran taqdirlash, shuningdek takroran faxriy unvon berish amalga oshirilmaydi, bundan darajalarga ega boʻlgan davlat mukofotlari mustasno.
Darajalarga ega boʻlgan davlat mukofotlari bilan taqdirlash ketma-ketlikda — quyi darajadan yuqori darajagacha amalga oshiriladi.
Fuqarolarni navbatdagi davlat mukofotiga taqdim etish, qoida tariqasida, avvalgi taqdirlangan paytidan eʼtiboran kamida uch yil oʻtgach amalga oshiriladi. Alohida hollarda, fuqarolar navbatdagi mukofotga avvalgi taqdirlangan vaqtidan qatʼi nazar taqdim etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.
