14-modda. Davlat mukofotlarini topshirish
“Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-473-son) · Sana: 11.04.2018 · Amalda
Davlat mukofotlarini topshirish tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlarini topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, boshqa respublika muassasalarining rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik korpusining vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti shunga vakolat bergan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlarini topshirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga bir vaqtning oʻzida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda davlat mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga uni taqib yurish huquqi berilmagan holda topshiriladi.
Davlat mukofotlari vafot etgan mukofotlangan shaxsning yoki vafotidan keyin mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan birining roziligi bilan davlat muzeylariga topshirilishi mumkin.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari boʻlmasa, uning vafotidan keyin davlat mukofoti va unga doir guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga topshiriladi.
