25-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda oʻqotar qurolni qoʻllash shartlari va chegaralari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-471-son) · Sana: 05.04.2018 · Amalda
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari oʻziga biriktirilgan oʻqotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda oʻqotar qurolni qoʻllash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega boʻladi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoki ularning qoʻllanilishidagi sustkashlik fuqarolarning va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining hayoti hamda sogʻligʻiga bevosita xavf soladigan va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi, agar yuzaga kelgan vaziyatda maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash uchun mazkur moddada hamda ushbu Qonunning 27 va 28-moddalarida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelishi mumkin deb hisoblasa, maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash uchun tayyorlash va jangovar holatga keltirish huquqiga ega.
Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishi yoki tashkil etilishi kerak.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilgan har bir holat toʻgʻrisida bevosita boshligʻiga darhol axborot berishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining organi jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanilganligi natijasida jismoniy yoxud yuridik shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek oʻqotar qurol qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida tegishli prokurorga darhol xabar beradi.
