26-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-471-son) · Sana: 05.04.2018 · Amalda
Agar kuch ishlatilmaydigan usullar Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, ular quyidagi hollarda shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qoʻllash huquqiga ega boʻladi:
jinoyatlarga va boshqa huquqbuzarliklarga barham berishda;
jinoyatlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni olib borish va ushlab turishda;
Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchisining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etishda.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.
