24-modda. Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-471-son) · Sana: 05.04.2018 · Amalda
Davlat xavfsizlik xizmati davlat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda:
Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va boshqa davlat manfaatlarini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoyalash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishi;
Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy prinsiplariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlashi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini davlat xavfsizligiga tahdidlar haqida xabardor qilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining qoʻriqlanishi va himoya qilinishini taʼminlashi;
davlat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi;
davlat xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat organlarining va tashkilotlarning axborot-tahlil boʻlinmalari bilan hamkorlikni va ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshirishi;
davlat organlarida va tashkilotlarda maxfiylik rejimini taʼminlash ustidan nazoratni tashkil etishi;
davlat xavfsizligini taʼminlash muammolari yuzasidan ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyatni amalga oshirishi;
jinoyatlar va huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi murojaatlar hamda maʼlumotlarni roʻyxatdan oʻtkazishi, ular yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz vaqtida choralar koʻrishi;
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa obyektlariga mulkdorlarning va ular vakillarining roziligisiz yoki ular yoʻqligida kirilganligiga doir barcha hollar toʻgʻrisida prokurorni yigirma toʻrt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon yaratgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrishi;
oʻz xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
