23-modda. Davlat xavfsizlik xizmatining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-471-son) · Sana: 05.04.2018 · Amalda
Davlat xavfsizlik xizmati davlat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxslar va fuqarolarning hujjatlarini, shu jumladan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, ularni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ashyolarni, transport vositalarini hamda tashilayotgan yuklarni koʻzdan kechirish, bunda nazoratning texnik va boshqa vositalari qoʻllanilishi mumkin;
mansabdor shaxslar va fuqarolardan tezkor-qidiruv, qidiruv hamda boshqa tadbirlar, tergovga qadar tekshirishlar va tergov harakatlari oʻtkaziladigan joylarni tark etishni talab qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga va boshqa obyektlariga toʻsqinliksiz kirish, zarurat boʻlganda qulflash moslamalari va boshqa ashyolarni buzgan holda kirish, bu joylarni jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslar taʼqib qilinayotganda yoxud u erda jinoyat sodir etilayapti yoki sodir etilgan yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashiringan shaxs bor deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlganda yoxud kechiktirish fuqarolar hayoti va sogʻligʻini xavf ostida qoldiradigan boʻlsa, yigirma toʻrt soat ichida prokurorga bu haqda xabar bergan holda, shuningdek yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplagan holda koʻzdan kechirish;
jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda boʻlgan shaxslarni topish va ushlash maqsadida jismoniy hamda yuridik shaxslarning turar joylarida va boshqa obyektlarida ularning roziligi bilan vaqtincha boʻlish;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kirish, zarur boʻlgan hujjatlar va materiallar bilan tanishish, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan maʼlumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlar va materiallarni soʻrash va olish;
Davlat xavfsizlik xizmatining ish yurituvida boʻlgan ishlar va materiallar yuzasidan fuqarolarni, mansabdor shaxslarni chaqirish, zarur hujjatlarni, maʼlumotlarni va ularning koʻchirma nusxalarini bepul olish;
fuqarolarni ularning roziligi bilan koʻmaklashishga jalb etish, Davlat xavfsizlik xizmatiga koʻmaklashgan fuqarolarni taqdirlash;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
