“5151-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida sud qarorlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrim
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-463-son) · Sana: 29.01.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida sud qarorlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
1) ajrim chiqarilgan vaqt, joy;
2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
3) nazorat tartibida shikoyat bergan shaxs haqidagi maʼlumotlar;
4) hukm chiqargan sudning, ajrim chiqargan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining nomi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi chiqarilgan sana;
5) nazorat tartibida berilgan shikoyatning mohiyati;
6) nazorat tartibida berilgan shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish sabablari va asoslari.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida sud qarorlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi ustidan nazorat tartibida shikoyat bergan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga yoki uning oʻrinbosariga shikoyat qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning oʻrinbosari nazorat tartibida shikoyat bergan shaxsning shikoyatiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining sud qarorlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish va shikoyatni koʻrib chiqish uchun jinoyat ishi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli.
