4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi
Arxivlar toʻgʻrisida (768-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Hujjatlarida Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayoti aks ettirilgan barcha arxiv fondlarining majmui Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi davlat va nodavlat arxiv fondlaridan tashkil topadi.
Davlat arxivlarida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, banklarda, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan arxiv hujjatlari davlat arxiv fondini tashkil etadi.
Nodavlat yuridik shaxslarning faoliyati natijasida toʻplangan arxiv hujjatlari, shuningdek fuqarolarning shaxsiy arxivlari nodavlat arxiv fondini tashkil etadi.
Hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondiga kiritish yoki hujjatlarni undan chiqarish ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash mezonlarini, ekspert komissiyalarini tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi belgilaydi.
Hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritish masalasini hal qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar davlat arxiv muassasasining talabiga binoan hujjatlarni ekspertizaga taqdim etishlari shart.
