5-modda. Arxiv hujjatlariga boʻlgan mulkdorlik
Arxivlar toʻgʻrisida (768-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Davlat arxiv fondining hujjatlari davlat mulkidir va ular davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini berish bilan bogʻliq boshqa bitimlar obyekti boʻlishi mumkin emas hamda faqat vaqtincha foydalanish uchun beriladi.
Nodavlat arxiv fondlarining hujjatlari nodavlat yuridik shaxslarning — fond egalarining mulkidir. Jismoniy shaxslarning arxiv hujjatlari shu shaxslarning xususiy mulkidir.
Vafot etgan fuqarolarning arxiv hujjatlari, qonun boʻyicha yoki vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmasa, shuningdek arxivning egasini aniqlash imkoniyati boʻlmasa, davlat mulkiga oʻtadi.
