3-modda. Asosiy tushunchalar
Arxivlar toʻgʻrisida (768-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arxiv — arxiv hujjatlari majmui, shuningdek arxiv muassasasi yoki korxona, muassasa va tashkilotning arxiv hujjatlarini qabul qiluvchi, saqlovchi va ulardan foydalanuvchi tarkibiy boʻlinmasi;
arxiv hujjatlari — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli ekspertiza asosida arxiv ahamiyatiga molik deb topilgan matnli, qoʻlyozma va mashinada oʻqiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek turli moddiy ashyolardagi yozuvlar;
arxiv fondi — tarixiy yoki mantiqiy jihatdan bir-biri bilan aloqador arxiv hujjatlari majmui;
arxiv ishi — arxiv hujjatlarini qabul qilish, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etishga oid faoliyat;
arxiv hujjatlarini doimiy saqlash — ularni arxivda, muzeyda, kutubxonada cheklanmagan muddatlarda saqlash;
arxiv hujjatlarini vaqtincha saqlash — ularni arxivlarda qonun hujjatlarida belgilangan davr mobaynida saqlash;
arxiv hujjatlarini depozitar saqlash — ularni hujjatlar mulkdori bilan arxiv, muzey, kutubxona oʻrtasidagi kelishuv (shartnoma) boʻyicha belgilanadigan shartlar asosida mulkdorning arxiv hujjatlariga nisbatan mulk huquqini saqlab qolgan holda arxivda, muzeyda, kutubxonada saqlash.
