23-modda. Murojaatlar boʻyicha ish yuritish
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat oʻsha kunning oʻzida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Murojaatni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi toʻgʻrisidagi belgi, shuningdek boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkin.
Davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsiga ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan ogʻzaki murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni koʻrib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida koʻrsatiladi.
Murojaatni roʻyxatdan oʻtkazish va koʻrib chiqish boʻyicha ish yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
