24-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-445-son) · Sana: 11.09.2017 · Amalda
Davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Davlat organiga, tashkilotga kelib tushgan murojaatlar boʻysunuv tartibida quyi turuvchi boʻlinmalarga ham yuborilishi mumkin.
Agar murojaatda davlat organlari, tashkilotlarning bir nechta tarkibiy boʻlinmalariga taalluqli masalalar mavjud boʻlsa, ularning barchasi murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar oʻrtasida birinchi koʻrsatilgan tarkibiy boʻlinma murojaatning koʻrib chiqilishini boshqa tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda taʼminlaydi.
Murojaatni toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha maʼlumotlar, maʼlumotnomalar va materiallarga zarurat paydo boʻlgan taqdirda, mazkur murojaatni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar oʻzlaridan soʻralayotgan axborotni oʻn kun ichida taqdim etishi shart.
Murojaatlarni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning oʻziga borib koʻrib chiqilishini taʼminlashi mumkin.
Agar murojaatda qoʻyilgan masalalar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor boʻlsa, ularning vakillari murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni koʻrib chiqishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
